Brendbukda nima boʻlishi kerak

Brendbukda nima boʻlishi kerak

Brendbuk koʻpincha qalin, chiroyli PDF deb tasavvur qilinadi. Aslida u — qaror toʻplami. Har sahifasi bitta savolga javob beradi: bu holatda nima qilinadi?

Brendbuk kerakligini bilish oson. Agar ikki xil dizayner sizning brendingiz uchun ikki xil koʻrinishdagi material yasasa — u kerak.

Birinchi qism — logotip. Asosiy koʻrinish, ruxsat etilgan versiyalar, atrofdagi boʻsh joy, minimal oʻlcham va x, soya qoʻshish, rangini oʻzgartirish, gʻoyali fon ustiga qoʻyish. Taqiqlar roʻyxati koʻpincha ruxsatlardan foydaliroq.

Ikkinchi qism — rang. Har rangning aniq kodi: bosma uchun CMYK yoki Pantone, ekran uchun HEX va RGB. Va eng muhimi — qaysi rang qayerda ishlatilishi. Palitrada oʻn rang boʻlsa-yu, qaysi biri asosiy ekani yozilmagan boʻlsa, brendbuk oʻz vazifasini bajarmaydi.

Uchinchi qism — shrift. Sarlavha va matn uchun qaysi shrift, qaysi qalinlik. Shrift topilmaganda nima ishlatiladi. Oʻlchamlar ierarxiyasi.

Toʻrtinchi qism — tartib va masofa. Sahifa chetidan qancha joy qoldiriladi, bloklar orasi qancha. Bu eng zerikarli, lekin brendni tanib olinadigan qiladigan qism: odam masofani sezmaydi, lekin notoʻgʻri masofani darhol payqaydi.

Beshinchi qism — qoʻllash misollari. Vizitka, blank, ijtimoiy tarmoq posti, qadoq, forma, mashina. Misol qoidadan tez tushuniladi.

Oltinchi qism — ovoz. Brend qanday gapiradi: qanday soʻzlarni ishlatadi va qanday soʻzlardan qochadi. Bu koʻpincha tushib qoladi, holbuki rang va shriftni raqobatchi nusxa koʻchira oladi, gapirish uslubini esa yoʻq.

Brendbukning hajmi muhim emas. Muhimi — undagi har qoida real savoldan kelib chiqqan boʻlsin. Hech kim bermagan savolga javob yozilgan sahifa faqat hujjatni ogʻirlashtiradi.

Maqola dastlab Telegram kanalimizda eʼlon qilingan · 2026-09-03

Keyingi qadam

Nomdan brendbukkacha — toʻliq va izchil brend tizimi.

Brending xizmati haqida →

Keyingi maqola

Brending — bu logotipdan ancha kengroq →

Narxlarni bilish