Nom oʻylab topildi, bazaga yozildi, hech nima chiqmadi — «demak boʻsh». Bu eng qimmatga tushadigan xulosa.
Sabab oddiy: baza aniq mos kelishni qidiradi, ekspertiza esa oʻxshashlikni baholaydi. Bu ikki xil ish. Bitta harf farq qiladigan nom qidiruvda chiqmaydi, lekin ekspertiza uchun toʻsiq boʻladi.
Toʻliq tekshiruv toʻrt qidiruvdan iborat.
Birinchisi — aniq nom. Bu faqat boshlanish.
Ikkinchisi — naqsh boʻyicha qidiruv. Nomning oʻzagi birinchi harfsiz qidiriladi. Shunda oʻsha oʻzakka ega barcha belgilar chiqadi — jumladan siz oʻylab topa olmagan variantlar ham. Qoʻlda variant yozishdan koʻra ishonchli usul shu.
Uchinchisi — kirillcha shakl. Baza transliteratsiyani ikkala alifboda saqlaydi. Lotinchada boshqacha koʻringan ikki nom kirillchada aynan bir xil boʻlib qolishi mumkin. Kirillchani alohida qidirmasangiz, aynan mos keladigan belgini oʻtkazib yuborasiz.
Toʻrtinchisi — koʻp soʻzli nomning har soʻzini alohida qidirish. Bu yerda natijalar soni ham maʼlumot beradi: agar soʻz yuzlab belgida uchrasa, u soʻzning farqlash kuchi yoʻq — ehtimol u himoyadan chiqariladi.
Har topilma ochib koʻriladi. Qidiruv «ichida bor» tamoyilida ishlagani uchun soxta mosliklar koʻp boʻladi. Aksincha ham boʻladi: topilgan belgi kuchsiz chiqishi mumkin — uning bir qismi himoyadan chiqarilgan yoki egasi butunlay boshqa sohada ishlayotgan boʻlishi mumkin.
Bazadan tashqari ikki narsa qoladi. Birinchisi — xalqaro bazalar: boshqa mamlakatda roʻyxatdan oʻtgan belgi Oʻzbekistonga kengaytirilgan boʻlishi mumkin. Ikkinchisi — ochiq bozor: bazada boʻlmagan, lekin amalda ishlab turgan bir xil nomli biznes eʼtiroz bildirishi mumkin.
Xulosa faqat shu qidiruvlarning hammasi bajarilgandan keyin yoziladi. Va u har doim ehtimol koʻrinishida boʻladi — kafolat koʻrinishida emas.
Maqola dastlab Telegram kanalimizda eʼlon qilingan · 2026-09-03
